MAGISTRATURA BO`LIMI


Institutda «Magistiratura» bo‘limi 2002 yilning sentyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, dastlab 4 ta mutaxassislik faoliyat ko‘rsatgan. Bo‘limni dosent M.B.Safarov boshqargan. 2002 yilda ilk bor 4 ta mutaxassislik bo‘yicha 13 nafar magistrantlar bitirishgan.
Magistratura bo‘limi faoliyatini tubdan takomillashtirish hamda uning samaradorligini oshirish maqsadida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha istiqbol rejalar belgilangan:
         - magistraturaning tashkiliy tizimini takomillashtirish;
         - o‘quv jarayonining sifat va samaradorligini oshirish;
         - magistrantlar ilmiy ish mavzularining dolzarbligi va ilmiy ahamiyatga egaligini ta’minlash;
         - o‘quv jarayonini zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlanganlik darajasini ham sifat ham miqdor jihatdan yaxshilash.
         Magistratura bo‘limiga kafedra va dekanatlar bilan birgalikda quyidagi asosiy vazifalarni bajarish yuklangan:
         - magistrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil etish va ta’minlashga, ulardagi ta’lim va o‘qitish sifatini nazorat qilishga ko‘maklashish;
         - o‘quv-izlanish va ilmiy tadqiqot ishlarining amalga oshirilishini ta’minlash;
         - institutdagi barcha dekanat, kafedra va bo‘linmalarning magistrlar tayyorlash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
         - magistrlarni o‘qitish va ularning ishga joylashishi ustidan muntazam monitoringni amalga oshirish;
- magistrlar tayyorlash masalalarini muntazam ravishda tahlil qilish va ular yuzasidan hisobotlar berish.
Magistiratura bo‘limi o‘z ish faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 martdagi 36-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Magistratura to‘g‘risida Nizom»ga muvofiq olib bormoqda.
Magistratura bo‘limiga 2011 yildan boshlab v.f.n., dosent N.B.Ro‘ziqulov rahbarlik qilib kelmoqda. Uslubchi sifatida X.Bektanova faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 martdagi 36-sonli qarori bilan tasdiqlangan

MAGISTRATURA TO‘G‘RISIDA NIZOM

I bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestasiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2012 yil 24 iyuldagi PF-4456-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007 yil 10 sentyabrdagi 190-son qaroriga muvofiq magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish, kadrlar tayyorlash sifati va ularning raqobatbardoshligini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan va oliy ta’lim muassasalarida magistrlar tayyorlash sifati va ularning raqobatbardoshligini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan va oliy ta’lim muassasalarida magistrlar tayyorlashning asosiy qoidalari va tartibini, umumqabul qilingan xalqaro standartlarga binoan magistrlik dissertasiyasi mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan mezonlar va talablarni belgilaydi.

Ushbu Nizomning amal qilishi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabiga;

O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini yuritayotgan, o‘rnatilgan tartibda faoliyati xususiyatlari inobatga olinib, magistrlar tayyorlashni amalga oshirayotgan xalqaro va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.

2. Magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha bakalavriant negizida o‘qitish kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir.

Magistratura dasturi yakunlanishi “magistr” darajasini beruvchi yakuniy davlat attestasiyasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida magistrlar tayyorlashni tashkil etish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.

3. Tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlarni tayyorlash davlat akkreditasiyasidan o‘tgan oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadigan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Oliy ta’lim muassasalarida magistrlarni tayyorlashni muvofiqlashtirishni magistratura bo‘limlari amalga oshiradi, ular kafedralar va dekanatlar bilan birgalikda quyidagilarni:

magistrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil etish va amalga oshirishga, ularga taqdim etilayotgan ta’lim va o‘qitish sifatini nazorat qilishga ko‘maklashishni;

o‘quv-izlanish va ilmiy–tadqiqot ishlari amalga oshirilishini;

oliy ta’lim muassasalari barcha bo‘linmalarining magistrlar tayyorlash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni;

magistrlarni o‘qitish va ularning kelgusida ishga joylashishi ustidan muntazam monitoringni amalga oshirishni, magistrlar tayyorlash masalalarini tahlil qilish va ular yuzasidan muntazam ravishda hisobotlar tayyorlashni ta’minlaydi.

5. Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

II bob. Magistrlar tayyorlashga qo‘yiladigan talablar

6. Magistrlar tayyorlashga qo‘yiladigan umumiy talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2001 yil 16 avgustdagi 343-son qarori bilan belgilanadi. Aniq mutaxassislik bo‘yicha magistrlar tayyorlashga qo‘yiladigan talablar oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan magistratura mutaxassisliklari malaka talablari bilan belgilanadi.

7. Magistr:

tanlangan mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va kasbiy faoliyatni mustaqil yuritishga;

kasbiy faoliyatda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnalogiyalaridan foydalanishga;                                                                                 

oliy ta’lim muassasasidan keyingi ta’limni magistrlik tayyorgarligiga muvofiq mutaxassislik bo‘yicha katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida davom ettirishga;

kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida qo‘shimcha kasb ta’limi olishga tayyorlanadi.

8. Magistr o‘z mutaxassisligi, ilmiy va ilmiy-pedagogik tayyorgarligiga muvofiq kasbiy faoliyatining quyidagi turlari:

ilmiy-pedagogik;

ilmiy-ijodiy;

ilmiy-tadqiqot va tajriba;

loyiha-konstruktorlik;

loyiha-texnologik;

ishlab chiqarishda boshqaruv, shuningdek bakalavriant ta’lim yo‘nalishiga muvofiq boshqa faoliyat turlari bo‘yicha ham shug‘ullanishi mumkin.

III bob. Magistratura talabalarining huquq va majburiyatlari

9. Magistratura talabalari:

ta’lim, fan, madaniyat, texnika, iqtisodiyotni, ijtimoiy va boshqa sohalarni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalariga muvofiq bilimlarni olish;

oliy ta’lim muassasasi faoliyati bilan bog‘liq muhim masalalarni ko‘rib chiqish va hal qilishda bevosita ishtirok etish;

oliy ta’lim muassasasi axborot-resurs markazlari xizmatlaridan, shu jumladan o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlardan, shuningdek oliy ta’lim muassasasining ustavida belgilangan tartibda boshqa turdagi xizmatlardan bepul foydalanish;

ilmiy-tadqiqot ishlarida, konferensiyalar va simpoziumlarda ishtirok etish;

o‘z ilmiy tadqiqot ishlarini ilmiy nashrlarda chop etishga taqdim etish;

oliy ta’lim muassasasi Ilmiy kengashi tavsiyasiga muvofiq yetakchi xorijiy va respublika ta’lim (ilmiy) muassasalarida amaliyot o‘tash, stajirovkada bo‘lish yoki magistrlik dissertasiyasining tajriba-sinov qismlarini bajarish uchun ushbu muassasalar bilan tegishli kelishuvlar mavjud bo‘lganda ularga yo‘llanma olish;

oliy ta’lim muassasasi rahbariyatining qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda tegishli idoralarga belgilangan tartibda shikoyat qilish;

talabalar uchun qonunchilikda belgilangan tartib va miqdorlardagi stipendiya, Davlat stipendiyasi hamda o‘qishga yo‘llagan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tayinlanadigan stipendiyalarni olish huquqiga ega.

Magistratura talabasi qonun hujjatlarida yoki oliy ta’lim muassasasi ustavida belgilangan boshqa huquqlarga ega bo‘lishi mumkin.

10. Magistratura talabalarining majburiyatlari:

magistraturaning tegishli mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarida nazarda tutilgan bilimlarni egallash va o‘zlashtirish;

o‘quv rejada nazarda tutilgan barcha turdagi topshiriqlarni belgilangan muddatlarda bajarish, shuningdek magistrlik dissertasiyasini tayyorlash;

oliy ta’lim muassasasining ustavi talablariga va ichki tartib qoidalariga rioya etish.

Magistratura talabasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.

 

IV bob. Magistraturada ta’lim jarayonini tashkil etish

 

11. Magistraturada ta’lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’limning davlat ta’lam standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2001 yil 16 avgustdagi 343-son qaroriga, shuningdek oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan aniq magistratura mutaxassisligi o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq tashkil etiladi.

12. O‘quv jarayonining xususiyatlari va o‘qitish muddatlari (3 yil) hisobga olingan holda tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ayrim magistratura mutaxassisliklari o‘quv rejalari va dasturlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

13. Magistraturada ta’lim jarayonini tashkil etishga quyidagi talablar qo‘yiladi:

oliy ta’lim muassasasining magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ilmiy-pedagogik kadrlar bilan, shu jumladan kadrlar tayyorlash ixtisosligi va yo‘nalishiga mos keluvchi professorlar, dosentlar bilan ta’minlanganligi;

nazariy, labaratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shu jumladan magistrlik dissertasiyalariga qo‘yiladigan talablarga mos holda ularni tayyorlash uchun zarur o‘quv-metodik va moddiy-texnika bazaning mavjudligi; 

o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq tashkilotlarda magistratura talabalarining amaliyotlari, stajirovkasi va magistrlik dissertasiyalarining tajriba-sinov qismlarini bajarishi uchun bu tashkilotlar bilan oliy ta’lim muassasasi (fakul’tet, kafedralar) o‘rtasida tuzilgan shartnomalar va kelishuvlarning mavjudligi;

magistratura talabalarini tayyorlash jarayoniga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ilmiy muassasalari, tarmoq ilmiy-izlanuvchanlik va loyiha muassasalarining yetakchi olimlari, shuningdek xorijiy olimlar, yuqori malakali, tajribali mutaxassislarning soatbay asosida jalb etilganligi.

14. Magistratura talabasining o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot, pedagogik ishlari, amaliyot, stajirovkani o‘tashi va magistrlik dissertasiyasini tayyorlash bo‘yicha faoliyati ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq magistratura talabasining kalendar’ ish rejasiga binoan amalga oshiriladi.

15. Magistratura talabasining kalendar’ ish rejasi mazmuni ilmiy rahbar bilan birgalikda ishlab chiqiladi va oliy ta’lim muassasasining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori (direktor o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi. Magistratura talabasi o‘zining kalendar’ ish rejasi bajarilishi bo‘yicha har oyda kafedra yig‘ilishida hisobot beradi.

Har o‘quv semestri yakunida tegishli fakul’tet o‘quv-metodik kengashi yig‘ilishida (magistratura bo‘limida) kafedra mudiri magistratura talabasining kalendar’ ish rejasi bajarilishi yuzasidan hisobot beradi.

 

V bob. Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchilarga qo‘yiladigan umumiy malaka talablari

 

16. Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchi ta’lim jarayoni doirasida:

hamma turdagi o‘quv mashg‘ulotlarini yuqori darajada o‘tadi;

o‘quv, ilmiy va o‘quv-metodik ishlarni rejalashtiradi, tashkil etadi va nazorat qiladi;

ilmiy-tadqiqot ishlariga va magistratura talabalarining magistrlik dissertasiyalarini tayyorlash jarayoniga rahbarlik qiladi;

kafedra ixtisosligi bo‘yicha ilmiy, ilmiy-tadqiqot seminarlarini tashkil etadi va ularda ishtirok etadi;

talabalar ilmiy seminarlarini boshqaradi;

kafedra pedagoglari tomonidan barcha turdagi o‘quv mashg‘ulotlari sifatli o‘tkazilishi ustidan nazorat qiladi;

magistraturaning tegishli mutaxassisligi bo‘yicha namunaviy va ishchi o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi;

kafedra ilmiy tadqiqotlari yo‘nalishlari doirasida tashkil etiladigan yig‘ilishlar va konferensiyalarda, shu jumladan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etadi;

magistratura talabalarining mustaqil ishlarini tashkil etadi va rejalashtiradi;

magistratura talabalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish va nashrga tayyorlashda ishtirok etadi;

magistratura talabasining kalendar’ ish rejasi bajarilishini nazorat qiladi.

17. Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchilar-ga quyidagi malaka talablari qo‘yiladi:

fanni yuqori darajada bilish hamda uning nazariy asoslarini va muhim yutuqlarga erishish mumkin bo‘lgan yo‘llarni ko‘ra bilish uquviga ega bo‘lish;

ilmiy muammolarni ishlab chiqa olish, tadqiqotlar o‘tkaza olish va ularning natijalari bo‘yicha chop etilgan ilmiy ishlarga ega bo‘lish;

magistratura talabalarining individual xususiyatlari, shaxsiy sifatlari va dissertasiyalari maqsadlarini hisobga olgan holda pedagogik faoliyat yo‘nalishlarini belgilash qobiliyatiga ega bo‘lish;

magistratura talabalarining bilim va malakalarni egallab olishga imkoniyat beradigan innovasion pedagogik texnalogiyalarni qo‘llashga tayyor bo‘lish;

pedagogik holatlar tahlili asosida pedagogik vazifalarni shakllantirish va ularni hal etishning maqbul yechimlarini topish uquvi;

magistratura talabalarining kasbiy qobiliyatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan innovasion kurslar ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lish;

ma’lumotlarni tizimlashtirish va izlash orqali o‘z bilimini takomillashtirish uchun doimiy o‘rganish, ma’lumotlarni elektron qayta ishlashda axborot-kommunikasiya va multimediya texnalogiyalaridan foydalanish mahoratiga ega bo‘lish.

18. Magistraturada pedagogik faoliyat yuritishga ilmiy unvon (ilmiy daraja)ga va kamida 3 yillik uzluksiz ilmiy-pedagogik (ilmiy) ish stajiga ega bo‘lgan, shuningdek xorijiy mamlakatlarning falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajali shaxslar jalb qilinadi.

 

VI bob. Mavzuni tanlash va ilmiy rahbarni tayinlash

 

19. Magistrlik dissertasiyasi o‘qish va o‘quv dasturlarini o‘zlashtirish jarayonida magistratura talabasi egallagan nazariy va amaliy bilimlari asosida bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijasi hisoblanadi.

20. Magistrlik dissertasiyasining mavzulari oliy ta’lim muassasalari kafedralarida kafedralarning professor-o‘qituvchilari tarkibi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari, tarmoq ilmiy-tadqiqot va loyihalash muassasalari xodimlari tomonidan shakllantiriladi.

Magistrlik dissertasiyalarining mavzulari, qoidaga ko‘ra, dolzarb ilmiy-tadqiqot masalalariga yoki aniq amaliy vazifalarni hal etishga bag‘ishlanadi.

21. Magistrlik dissertasiyasiga ilmiy rahbarlik oliy ta’lim muassasalarida ishlaydigan professorlar, fan doktorlari, dosentlar, fan nomzodlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari olimlari, tashkilotlarning yuqori malakali va tajribali mutaxassislari, shuningdek belgilangan tartibda magistrlik, ilmiy darajalar yoki ilmiy unvonlarga ega bo‘lgan xorijiy mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.

Magistratura talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasida ishlamaydigan xodimlardan unga ilmiy rahbar tayinlangan taqdirda, talabaga qo‘shimcha ravishda tegishli kafedra professor-o‘qituvchilari tarkibidan ilmiy maslahatchi tayinlanadi.

Belgilangan talablarga muvofiq magistrlik dissertasiyasini bajarish doirasida ilmiy rahbar bilan bir xil mas’uliyat ilmiy maslahatchiga ham yuklatiladi.

22. Magistratura talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasi xodimlari tarkibidan bo‘lgan ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchining magistrlik dissertasiyasini tayyorlash bo‘yicha talabalar bilan ishlashi ularning oliy ta’lim muassasasida o‘quv yili shaxsiy ish rejasi bilan belgilanadigan o‘quv yuklamasiga kiritiladi.

Magistratura talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasida ishlamaydigan xodimlardan bo‘lgan ilmiy rahbar mehnatiga haq to‘lash belgilangan tartibda mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari bo‘yicha bir o‘quv yiliga bir magistratura talabasi uchun 50 soatdan oshmagan hajmda, tegishli oliy ta’lim muassasasi xarajatlar smetasida bu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

23. Professor yoki fan doktori beshtagacha, shuningdek dosent, fan nomzodi va  mutaxassis uchtagacha magistrlik dissertasiyasiga rahbarlikni amalga oshirishi mumkin.

24. Kafedralar tomonidan taqdim etilgan va oliy ta’lim muassasasi yoki fakul’tet o‘quv-metodik kengashida muhokama qilingan magistratura talabalarining magistrlik dissertasiyalari mavzulari va ularning ilmiy rahbarlari (ilmiy maslahatchilari) ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) taqdimnomasiga asosan magistratura talabalari o‘qiyotgan birinchi o‘quv yilining birinchi ikki oyi ichida tegishli oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

25. Ilmiy rahbarning majburiyatlariga quyidagilar kiradi:

tadqiqot mavzusi doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha tizimli ravishda yordam berish maqsadida maslahatlar jadvalini tuzish;

tadqiqot usullarini tanlashda ishtirok etish va ularni tadqiqot usulida qo‘llashda magistratura talabasiga ko‘maklashish;

magistratura talabasining belgilangan kalendar’ ish rejasi bo‘yicha ishlarning bajarilishini va magistrlik dissertasiyasi o‘z vaqtida tayyorlanishini nazorat qilish;

dastlabki himoyagacha magistrlik dissertasiyasiga xulosa berish.

 

VII bob. Magistrlik dissertasiyasining tuzilishi va uning mazmuniga qo‘yiladigan talablar

 

26. Magistrlik dissertasiyasi quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo‘lishi kerak:

titul varaq;

ikki tilda (o‘qitish tili va ingliz tilida) magistrlik dissertasiyasining qisqacha annotasiyasi;

mundarija;

kirish;

asosiy qism;

xulosa;

adabiyotlar ro‘yxati;

ilovalar (mavjud bo‘lsa).

27. Kirish quyidagilarni qisqacha o‘z ichiga olishi lozim:

magistrlik dissertasiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi;

tatqiqot obyekti va predmeti;

tatqiqot maqsadi va vazifalari;

ilmiy yangiligi;

tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari;

tadqiqot mavzusi bo‘yicha adbiyotlar sharhi (tahlili);

tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi;

tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati;

ish tuzilmasining tavsifi.

28. Magistrlik dissertasiyasining asosiy qismi kamida uch bobdan iborat bo‘lib, boblar hajm jihatidan o‘zaro mutanosib bo‘lishi va quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:

tadqiqot mavzusiga taalluqli boshqa manbalarda keltirilgan nazariy, amaliy va empirik tatqiqotlar natijalarining tanqidiy tahlili;

tadqiqot metodikasi va ishning amaliy qismi bayoni;

tadqiqot olib borilgan masalani hal etishda magistratura talabasining shaxsiy hissasi ko‘rsatilgan holda tadqiqotning asosiy natijalari bayoni.

29. Magistrlik disserasiyasining xulosa qismida barcha boblarda qayd etilgan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati, shuningdek ilmiy tadqiqot muammosini hal etish bo‘yicha xulosalar yoritiladi. Xulosa qismi to‘rt sahifadan oshmasligi kerak.

30. Magistrlik dissertasiyasiga uning mazmunini bayon etish uchun bevosita zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan materiallar ilova qilinishi mumkin. Ilova qismining hajmi magistrlik dissertasiyasi umumiy hajmining uchdan bir qismidan oshmasligi lozim.

31. Magistrlik dissertasiyasi ustida ishlayotgan magistratura talabasi kasb odob-axloqi qoidalariga rioya etishi (plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish, shuningdek yolg‘on sitatalar keltirishga yo‘l qo‘ymaslik) lozim.

32. Dissertasiya matni standart varaqda yozilgan bo‘lib, unda quyidagi qoidalarga rioya etilgan bo‘lishi lozim:

qatorlar oralig‘i -1,5 sm;

yuqorigi va pastki hoshiya 2 sm, satr boshi: chap tomondan 3 sm, o‘ng tomondan 2 sm;

xatboshilar orasidagi oraliq - 5 yoki 6 belgili.

Magistrlik dissertasiyasi matnini Microsoft Word matnli redaktorida Times New Roman shriftida yozish tavsiya etiladi.

33. Magistrlik dissertasiyasining hajmi titul varaq, mundarija, adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan tashqari 70-80 sahifa bo‘lishi tavsiya etiladi.

34. Magistrlik dissertasiyasi magistratura talabasi o‘qigan tilda (kafedra yoki magistratura bo‘limi tavsiyasiga muvofiq chet tilda) tayyorlanadi. Chet tilda tayyorlangan magistrlik dissertasiyasiga davlat tilida yozilgan annotasiya ilova etiladi. Bunday magistrlik dissertasiyalarining dastlabki va rasmiy himoyalari tarjima bilan o‘tkaziladi.